Barchangizni yurtimizda muqaddas qadriyat sifatida keng nishonlanayotgan muhim sana – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun, ya’ni ona tilimiz bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman! Har bir xalqning milliy o‘zligini, tarixiy xotirasini, dunyoqarashi va ruhiyatini ifoda etuvchi eng buyuk ne’matlardan biri – bu uning ona tilidir. Til bor ekan, xalq bor. Til yashasa, millat barhayot bo‘ladi. O‘zbek tili ham ming yillar davomida buyuk ajdodlarimiz merosi, adabiyotimiz, ilm-fanimiz va ma’naviyatimizning asosiy tayanchi bo‘lib kelmoqda. Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek: “O‘zbek tili – xalqimizning milliy o‘zligi va mustaqil davlatchiligi timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir.” Darhaqiqat, bugun o‘zbek tili davlat tili sifatida nafaqat qonuniy huquqiy asosga ega, balki hayotimizning barcha jabhalarida tobora faol va erkin qo‘llanilayotgan til darajasiga ko‘tarilmoqda. Bu esa har birimizdan ona tilimizga chuqur hurmat, e’tibor va fidoyilik bilan munosabatda bo‘lishni, uni e’zozlash, boyitish va yosh avlodga yetkazish borasida mas’uliyat bilan yondashishni talab etadi. Tilga ehtirom – bu o‘zligimizga, tariximizga, kelajagimizga bo‘lgan ehtiromdir. Shu bois, bu bayram nafaqat tilshunoslar, adabiyot fidoyilari, balki butun jamiyatimiz, xususan, o‘qituvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari uchun ham alohida ahamiyatga ega. Fursatdan foydalanib, barcha ustoz va murabbiylarga sharafli hamda mas’uliyatli faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar, mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik va fayzu baraka tilayman. Ona tilimizga bo‘lgan mehr va ehtirom qalblarimizda hamisha barqaror bo‘lib, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish yo‘lidagi ezgu ishlarimiz bardavom bo‘lsin. Ona tilimizning nufuzi yanada yuksalib, milliy g‘ururimiz va faxrimiz sifatida mangu yashayversin!  Hurmat bilan, Murot Isoqov
Surxondaryo viloyati Pedagogik mahorat markazi direktori

Leave a Comment