
Surxondaryo viloyati hokimi tashabbusi bilan mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida ezgulik chellenjiga start berildi.
Chellenjning ilk tadbirini viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov boshlab berdi. U Termiz shahrining Amu sohili mahallasida yashovchi, ijtimoiy himoyaga muhtoj oiladan xabar olib, xonadon sohiblariga bayram sovg‘alarini topshirdi.
Tashrif davomida oilaning mavjud muammolari o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi. Xususan, oila bekasiga murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun vaucher topshirildi.
Bugun boshlangan chellenj doirasida 150 nafar vohadoshimizga buyrak va jigar transplantatsiyasi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun vaucherlar, 600 nafar bemorga imtiyozli davolanish uchun yo‘llanmalar beriladi. Shuningdek, ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan oilalarning 1 000 nafarga yaqin farzandi maktab formasi va o‘quv qurollari bilan ta’minlanadi, 1 200 nafar yoshning to‘lov-kontrakt mablag‘lari qoplab beriladi, ehtiyojmand oilalar va fuqarolarga boshqa turdagi ijtimoiy ko‘maklar ko‘rsatiladi.
Ushbu ezgu tashabbus orqali oilalarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning muammolarini hal etishga ko‘maklashish va bayramona kayfiyat ulashish ko‘zda tutilgan.
Ezgulik — birlashtiradi, mehr — yuksaltiradi!
Chellenj viloyatning barcha hududlarida davom etadi.



