Surxondaryo viloyatida «Ishonch» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan loyihalarning borishi va natijalari bilan tanishish maqsadida maxsus tashrif tashkil etildi. Tashrifda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi. Dastlab delegatsiya a’zolari Surxondaryo viloyati Pedagogik mahorat markazida bo‘lib, o‘qituvchilar malakasini oshirish, raqamli ta’lim muhitini rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shundan so‘ng Sherobod tumanidagi 27-sonli umumta’lim maktabida suv ta’minoti, sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash hamda maktablarning iqlim o‘zgarishiga moslashuvchanligini oshirishga qaratilgan loyiha doirasidagi ishlar ko‘zdan kechirildi. Angor tumanidagi 24-sonli umumta’lim maktabida raqamli ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan loyiha natijalari taqdim etildi. Maktabda yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti, texnik jihozlar va innovatsion yondashuvlar namoyish etildi. Shuningdek, Termiz shahridagi 2 va 3-sonli umumta’lim maktablarida ta’lim sifati va o‘quv muhitini yaxshilash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hamda inklyuziv ta’limni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishildi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda «Ishonch» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida umumiy qiymati 87 million AQSH dollariga teng loyihalar amalga oshirilmoqda. Shundan 43,5 million AQSH dollari ta’lim sohasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan. Tashrif davomida amalga oshirilayotgan loyihalarning samaradorligi muhokama qilinib, ularning aholi uchun sifatli ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Leave a Comment