2026-yil 11-may kuni Surxondaryo viloyati pedagogik mahorat markazida BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) hamkorligida “Ta’limni yashillashtirish” (Greening Education) tashabbusi doirasida iqlim ta’limi bo‘yicha master-trenerlarni tayyorlashga qaratilgan “Trenerlar uchun trening” (ToT) o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Mazkur tashabbus 50 000 nafar o‘qituvchini iqlim ta’limi yo‘nalishida tayyorlashga qaratilgan keng ko‘lamli xalqaro loyiha doirasida amalga oshirilmoqda. Loyiha BMTTD tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, “Ta’lim hamma narsadan ustun” (EAA – Qatar) jamg‘armasi hamda “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan. Kaskad o‘qitish modeli asosida tayyorlanayotgan master-trenerlar keyingi bosqichda tuman va shahar darajasidagi trenerlarni tayyorlaydi. Ushbu jarayon orqali biologiya, geografiya, fizika, kimyo va matematika fanlari o‘qituvchilarining iqlim ta’limi bo‘yicha kasbiy kompetensiyalari rivojlantiriladi.

Leave a Comment