2026-yil 22-sentabr kuni Surxondaryo viloyati pedagogik mahorat markazida “Psixologik xizmat tizimining zamonaviy modellari va rivojlanish tendensiyalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiyani markaz direktori o‘rinbosari Akmal Faxriddinovich Bayturayev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Tadbirda PROFI UNIVERSITY rektori, psixologiya fanlari doktori, akademik G‘ayrat Shoumarov, Buxoro Xalqaro universiteti rektori, psixologiya fanlari doktori, professor Sharif Barotov, shuningdek, respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, olimlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Konferensiyada ta’lim tizimida psixologik xizmat, ijtimoiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash, oilaga psixologik xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy moslashuv, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish hamda boshqaruv kompetensiyalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Ma’ruzalar davomida psixologik xizmatning zamonaviy modellari, sohadagi dolzarb masalalar va ularning yechimlari, shuningdek, xalqaro tajribadan foydalanish istiqbollari yuzasidan fikr va takliflar bildirildi. Konferensiya ZOOM platformasi orqali ham onlayn formatda o‘tkazilib, unda turli hududlardan soha mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbir psixologiya va ta’lim sohasida ilmiy-amaliy hamkorlikni mustahkamlash hamda ilg‘or tajribalarni almashish uchun samarali muloqot maydoni bo‘ldi.

Leave a Comment