O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5712-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan AQSH Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) va RTI International tadqiqot instituti bilan hamkorlikda «O‘zbekiston Barkamollik uchun ta’lim dasturi» (Uzbekistan Education for Excellence Program) amalga oshirilmoqda.
Dastur doirasida umumta’lim maktablari uchun Cambridge University Press nashriyotining ingliz tili (1-11-sinf) o‘quv-metodik qo‘llanmalari tayyorlandi. Ayni damda Surxondaryo viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida mazkur o‘quv-metodik qo‘llanmalarning 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab Respublika miqyosida joriy etilishi munosabati bilan viloyat ingliz tili o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli o‘quv seminari bo‘lib o‘tmoqda.