Qodirov Umarali Do‘stqobilovich 1974yil 16oktabrda Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida tug‘ilgan. 1996yilda Termiz davlat universitetini, 2016yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini bitirgan. Psixologiya fanlari doktori, professor. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tarkibidagi tuzilmalarda, Xalq taʼlimi vazirligida hamda viloyat hokimligida faoliyat olib borgan. 2018yil 20-iyuldan Surxondaryo viloyati xalq taʼlimi xodimlavrini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi, 2022yil 28-iyundan viloyat pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi direktoridir.

2021-yilda Surxondaryo viloyati Pedagogika markazi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan malaka oshirish va qayta tayyorlash taʼlim muassasalarining attestatsiyasi natijalariga ko‘ra malaka oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha turdosh taʼlim muassasalari orasida eng yuqori, yaʼni 96.4 foiz natija bilan attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan.

U.Qodirov o‘qitishning zamonaviy usullari, zamonaviy pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan hamda multimedia taʼlim resurslaridan foydalangan holda anʼanaviy, masofaviy malaka oshirish hamda qayta tayyorlash taʼlimi tinglovchilari, Termiz davlat universiteti, Termiz davlat pedagogika instituti, Аndijon davlat pedagogika instituti, Buxoro psixologiya va xorijiy tillar instituti talabalari uchun yuqori ilmiy va o‘quv-uslubiy saviyada maʼruza kurslarini, magistratura talabalariga ilmiy rahbarlik faoliyatini olib bormoqda.

U.Qodirov 2005-yildan hozirgi kunga qadar 2 ta ilmiy-amaliy va fundamental loyihada rahbar, 6 ta loyihada ishtirokchi sifatida faoliyat yuritgan. Uning 200 dan ortiq ilmiy ishlari respublikamiz hamda Rossiya Federatsiyasi, Buyuk Britaniya, Chexiya, Аvstriya singari davlatlarda nashrdan chiqqan. U 2021-yilning
28–29-oktabr kunlari Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida o‘tkazilgan MDHga aʼzo davlatlar taʼlim tizimi xodimlarining 6-syezdida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi aʼzosi hamda I Xalqaro pedagogik mahorat festivalining ishtirokchisi sifatida ishtirok etgan.

U.Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ustoz” jamg‘armasi granti sovrindori, Xalqaro “Аntik dunyo” akademiyasining akademigi, “Turon” Fanlar akademiyasining akademigi va prezidiumi aʼzosi, Yevropa ilmiy va sanoat konsorsiumi tomonidan taʼsis etilgan “Yevropa sifati” oltin medali sohibi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi aʼlochisi, O‘zbekiston Respublikasi OАK ro‘yxatidagi “Zamonaviy taʼlim” ilmiy jurnali Bosh muharrir o‘rinbosari, “Xalq taʼlimi: muammolar, izlanishlar, yechimlar”, “Psixologiya”, “Buxoro psixologiya va xorijiy tillar instituti axborotnomasi”, Rossiya Federatsiyasida nashr etiladigan “Vestnik sovremennoy nauki”, “Internauka”, Kanadaning Toronto shahrida nashr qilinadigan “Intellectual archive” ilmiy-nazariy jurnallarining tahrir hayʼati aʼzosidir.

U.Qodirov tomonidan ikki yuzdan ortiq ilmiy va publitsistik maqola, 3 ta darslik, 1 ta monografiya, 16 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma va dastur chop qilingan. Umarali Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan tan olingan “Destruktiv xulq psixoprofilaktikasi” nomli ilmiy tushuncha (№003467 raqamli guvohnoma, 2021-yil 30-aprel), “O‘qituvchining psixologik kompetensiyasi” nomli atama (№003910 raqamli guvohnoma, 2021-yil 5-noyabr) muallifidir.

U.Qodirov Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda Buxoro davlat universiteti psixologiya fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashlari huzuridagi Ilmiy seminarlar raisi, O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi psixologiya fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash raisi o‘rinbosari, Tojikiston Respublikasi Xo‘jand davlat universiteti huzuridagi bir martalik psixologiya fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash, O‘zbekiston Milliy universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Buxoro davlat universiteti, Toshkent Islom universiteti hamda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi psixologiya fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashlar aʼzosi sifatida faoliyat yuritgan. U ayni vaqtda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti va Buxoro davlat universiteti huzuridagi ilmiy kengash va ilmiy seminarlar aʼzosi hisoblanadi.

U.Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining maxsus Ishchi guruhi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi eksperti sifatida ham faoliyat yuritgan.

U o‘z faoliyati davomida Xalq taʼlimi vazirligi va viloyat hokimligining faxriy yorliqlari, bir necha xorijiy taʼlim vazirliklari hamda xalqaro tashkilotlarning tashakkurnomalari bilan taqdirlangan.