“Ustoz, zamonamiz qahramonisiz!”
Yuraklar toridan joy olib mudom,
Ilm-u urfon tarqatmoqdasiz.
Sog‘lig‘ingiz qo‘yib xatarga,
Ustoz, zamonamiz qahramonisiz!

Ilm bebaho boylik, uni egallash oson ish emas. Ulamolar ilm olishni igna bilan quduq qazishga o‘xshatishgan. Inson shunday bebaho xazinaning sohibi bo‘lishida ustozning o‘rni beqiyos. Yurtimizda ta’limga bo‘lgan e’tibor kundan-kunga rivojlanib bormoqda. Bu esa o‘z navbatida o‘qituvchidan katta mas’uliyat va bilim talab etadi. O‘quvchilarning fanga qiziqishini oshirish, har bir mavzuni qiziqarli tarzda o‘tkazish uchun o‘qituvchi ijodkor bo’lishi lozim. Maktabda geografiya fanini o‘qitishda yangi interfaol metodlardan foydalanish o‘quvchilarning darsni puxta o‘zlashtirishiga zamin yaratadi.

Mana shunday interfaol metodlardan oqilona foydalanib o‘quvchi-yoshlarga ta’lim-tarbiya berayotgan ustoz Bozorov Shamsiddin Tog‘aymurodovichdir. Ustoz Bandixon tumanidagi 7-sonli umumta’lim maktabida 2002-yildan buyon faoliyat olib bormoqda. Ustoz bugungi kunda nafaqat tumanda, balki viloyatimiz va respublikamizda ham o‘z o‘rniga va yuksak natijalarga ega ustozlardan hisoblanadi. Shamsiddin Bozorov ish faoliyati davomida juda ko‘plab yutuqlarga erishgan. Masalan, 2017-yil “Yilning eng yaxshi fan o’qituvchisi” ko‘rik tanlovida tumanda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi, bundan tashqari ustozning o‘quvchilari fan olimpiadalarida doimo oldingi o‘rinlarni egallashadi.

Shamsiddin Bozorov sohadagi mehnatlari besamar ketmadi ustoz 2017-yilda “Konstitutsiyamizning 25 yilligi” esdalik nishonini olgan bo‘lsa, 2019-yilda “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi” ko’krak nishoni bilan taqdirlandi. Ustoz ta’lim ulashuvchi, odob-axloqga yetaklovchi, tarbiyalovchi zot. Shuning uchun ustoz-murabbiylarga har qancha ta’zim qilsak oz. Shamsiddin ustozni ham ko‘pchilik ayni shu damda zahmatkash inson, fidoyi ustoz deya e’tirof etishadi.




